Elektron
pochtangizni tekshirasiz. Sizga xat kelibdi. Yo'q, spam ekan.
O'chirishga chog'lanasizu, beixtiyor o'sha spamga qo'yilgan sarlavhalar
e'tiboringizni tortadi. Ingliz tilida "Tabriklayman, siz yutdingiz!",
"Pul yutug'ingizni oling!", "Mana sizga millionlar!", "Siz lotoreya
g'olibisiz!", "Bu juda muhim!", "Eng yaxshi biznes-taklif" so'zlari
katta harflar bilan yozilgan. Iye, bunisi qanday bo'ldi, qachon, nimada
g'olib bo'libman, deb xatni ochasiz. Xabar qisqa. "Sizning e-mail
adresingiz lotoreyada g'olib bo'ldi.
Pulni olish uchun, ism-familiyangiz, yoshingiz, mamlakatingizni javob
sifatida yozib yuboring". Ishonmaysiz. Yutib olgan pulingiz hajmi ham
ishonmaydigan darajada bo'ladi. Uzun sondan keyin dollar, yevro, funt
sterling belgisi. (masalan 15.000.000 $) Nima karomat ko'rsatdimki, bu
pullarni yutib olaman, deysiz. Yana "orqaga" tugmasini bosishga, xatni
o'chirishga chog'lanasiz. "Shoshma, mendan nima ketdi - deysiz shu payt
- so'ragan shu ikki-uchta ma'lumotni yozib yuborsam bo'ldiku, qani
ko'raylik-chi nima bo'larkin?". Bir necha soat, uzog'i bilan
ertasiga yana o'sha manzildan maktub keladi. Endi uch-to'rtta so'z
emas, uzundan uzoq yozma nutq. Avvali jo'shqin tabriklar, o'rtasi
o'zini tanishtirish (davlat xodimi, o'qimishli, muomalali inson
ekanligiga amin bo'lasiz), so'ngida esa tushuntirish - bir necha yil
oldin mazkur bank mijozlaridan biri aviahalokatda oilasi bilan birga
halok bo'lgan, uning hisobidagi pulni hech kim talab qilmagan, shundan
so'ng bank uni dunyo bo'ylab lotoreya o'yini orqali tarqatishga qaror
qilgan. Pulning ma'lum foizi hamkorga (sizga xat yozgan insonga)
qoladi. Sizni yana bir bor tabriklab, bu ishda muvaffaqiyat
qozonmaguncha, hech kimga hech narsa aytmasligingizni tayinlashadi.
Endi sizdan oldingisidan ko'proq ma'lumot talab etiladi: ish-o'qish
joyingiz, diningiz, millatingiz, manzilingiz, bankdagi hisob raqamingiz
(millionlarni o'tkazish uchun). Sizga ularning muomala madaniyati
yuqadi, minnatdorchilik bildirib, aytganlarini yozib yuborasiz. Bankda
hisobingiz bo'lmasa, ochdirasiz. Axir millionlarga osonlikcha erishish
uchun bu ish bo'ptimi? Bu orada ular bilan madaniyatli
suhbatingiz davom etadi, har kuni xat almashasiz. Erkak kishi
bo'lsangiz "uka", ayol kisihlarga "singlim" deb murojaat qilib, o'zlari
haqida siz so'ramagan shaxsiy ma'lumotlarni ham berishga harakat
qiladilar. "Chet el baribir chet el-da - deb o'ylaysiz siz - mana
odob-axloq, mana muomala!" Hamkoringizdan tashqari yana 2-3 ta joydan
shu mavzuda xat olasiz. Biri asosiy bank ofisi, biri advokatura.
Ularning ham yozganlari rasmiy uslubda, xatlarida shtamp, muhr bor. Bir
necha hujjatlar yuboradilar, ularda ham hammasi joyida: imzo, muhr.
Hujjatlarning biriga "sertifikat" deb izoh beradilar, hali bunaqa
sertifikatdan 3 ta bor, ularni esa sotib olish kerak... Mana, hammasi
endi boshlandi! Yo'q, yo'q, aslida boshlanadigan narsa ancha oldin -
siz o'sha birinchi xatni ochganingizdayaoq boshlanib bo'lgan edi.
Xullas, siz sertifikatlarni sotib olishingiz kerak. Endi
ko'rsatilayotgan raqamlar oldingisidan - sizning lotoreyadagi
yutug'ingizdan kamroq - bir necha ming dollar. Aytaylik, yutug'ingiz 15
million dollar bo'lsa, to'lovingiz 3 ming dollar. Ular buni albatta
pisanda qilishadi. "Shuni bizga yuborsangiz bo'ldi, 24 soat ichida bank
hisobingiz to'ldiriladi". Xafsalangiz pir bo'ladi. "Hali pul ham
beramanmi?" Tezda "javob" tugmasi tomon yo'nalasiz. Balki hamyoningizda
ular so'ragan puldan ko'pi ham bordir, lekin hozirgi javobingiz bitta:
"Menda buncha pul yo'q". Javob keldi. "Bu sizning oltinga
teng imkoniyatingiz, qo'ldan boy bermaslikni maslahat bergan bo'lardim.
Axir bu yutuq sizniki, faqat sizniki-ku! Men sizning hamkoringizman.
Muammoingizni men bilan bo'lishing, ayting, qanchasini to'lay olasiz?
Sizga yordamlashaman. Unutmang, sertifikatlarni sotib olmasdan turib,
millionlaringizga egalik qilolmaysiz". Uning shirin muomalasi ham
yoqmay qoladi, lekin odob saqlaysiz. Pulni to'lolmayman, bu ishlarni
tugatishga roziman, mazmunida javob yozasiz. Hamkor do'stingiz sizga
muvaffaqaiyat sog'inadi, pochtangizni xatlarga to'ldirib tashlaydi.
"Loaqal yarmini to'lang, men siz uchun hammasini to'lab turgan
bo'lardim, lekin hozir iqtisodiy qiyin ahvoldaman. Onam kasal,
operatsiya stolida yotibdi, qancha umr ko'rishi mening g'amxo'rlik
qilishimga bog'liq, ammo men bor pulimni ishlatsam ham yetmayapti". U
yog'i eng ta'sirchan hind filmlarida ham topilmaydigan gaplar. Maktub
ham har doimgidek "sening akang Falonchi" bilan emas, "Men yalingan
holda oyoqlaring ostidaman" deb yakunlanadi. Unga achinasiz. Keyingi
maktubingizda ko'nglini ko'tarib, agar ilojingiz bo'lganida hamma pulni
yuborishingiz, ikkalangizga ham muvaffaqiyat istashingiz, lekin ular
so'rayotgani juda ko'pligini yozasiz. Do'stingiz hanuz siz bilan birga.
Qarz olishingizni maslahat beradi, axir yutuq miqdori ko'p, keyin o'n
baravar qilib ham qaytara olasiz. "Qo'lingdan kelganicha top, imkoning
borini jo'nataver, biz uddalaymiz." deb yozadi maktublarining birida.
Bu siz uchun yangilik. "Xohlagan miqdorimni?" Bir necha marotaba so'rab
aniqlashtirib olasiz. "Ha, xohlaganingizcha, kuchingiz yetsa yarmini,
bo'lmasa choragini jo'nating. Madomiki, qurbingiz yetmas ekan, boshqa
so'ramaymiz, tezda hisobingizga lotoreya pulini o'tkazib beramiz" -
do'stingizning javobi. Siz ikkilanasiz. Bu qanaqasi bo'ldi, hammasini
to'lasam ham, kamini to'lasam ham farqi yo'qmi? Bu yerda bir gap bor.
Do'stingizning jahli chiqadi, nafsoniyatiga tegdingiz, axir nega undan
shubhalanasiz? Bu halol ish. Siz qo'lingizdagi pulni jo'nating, bo'ldi,
bu yog'idan tashvish tortmang. Uzr so'raysiz. Pulni ‘Western
Union" orqali yetkazadigan bo'ldingiz. Lekin hamkor do'stingizga emas,
to'g'ridan to'g'ri bankka. Pul qabul qilishda kerak bo'ladigan
ma'lumotni ham bankdagi xodimning pochtasiga xat yozib bildirasiz.
Javob keldi. "Pulingizni oldik, ish yuzasidan hamkorligingizni
qadrlaymiz. Tez orada muvaffaqiyatimizni nishonlaymiz. Ammo bu miqdor
bilan sertifikatlarni sotib olib bo'lmaydi. Tez orada to'ldirib
qo'yishingizni kutamiz". Siz pinagingizni buzmaysiz, "Hozir do'stimga
yozaman, u biladi bor-yo'q pulimni, qarz-havola qilib jo'natganimni,
o'zi so'z bergan qancha jo'natsangiz yetadi deb. Bu ham ozmuncha
bo'ptimi?" deb o'ylaysiz. Buni do'stingizga bildirganingizda esa u yana
chiroyli qilib "Bank shunday degan bo'lsa, hech narsa qilolmayman.
Harakat qil, yana ozgina jo'nat. Omadga erishishimizga yaqin qoldi,
hammasini barbod qilma" deydi. Endi jahlingiz chiqadi. "Yana
jo'natamanmi? Qayerdan topaman pulni?" Ular esa sizni ruhlantirish
bilan band, tez orada millioner bo'lish, bunga atigi bir bahya
qolganidan so'zlashadi. Boshingiz qotgan, o'sha va'da qilingan
millionlar ham ko'zingizga yomon ko'rinib ketadi. Voz kechay, desangiz,
yaqinlaringizga aytib qo'ygansiz, uyalasiz ular oldida. Voz kechmay
desangiz, yana qayerdan pul topasiz? Topasiz! Pul topishning turli
yo'llari bor, ular sizga o'tkichi tuyiladi, millionlar kutyapti axir.
Jo'natasiz. Javob: "Yetmaydi, yana". Jo'natasiz. "Yana". Siz bo'lg'usi
millonerga emas, sog'in sigirga aylanib qolgandeksiz. Hammasi bo'lmasa
ham mayli, degandiku, bu nimasi endi? Charchadingiz. Yana kompyuter
qarshisida ularga murojaat qilasiz. (muloyim so'zlardan ham
charchagansiz) "Bo'ldi, boshqa bir tiyin ham berolmayman. Men u
millionlardan voz kechdim. Kerak emas. Lotoreya yutug'im talab
qilinmagan hisoblana qolsin. O'zimni pullarimni jo'nating". Javob:
"Qanaqa pul? Biz ularni administrativ ishlar, bank hizmati, soliqlar
uchun sarflaganmiz. Siz uchun optimal variant qolgan pulni jo'natish va
yutug'ingizga egalik qilish, boshqacha maslahat ham, yordam ham
berolmaymiz". Nima qildingiz endi? Ko'zingizga millionlar emas,
o'zingiz topgan minglar ko'rina boshlaydi. Ular millionlardan o'n
chandon azizroq ko'rinadi. Endi o'rin almashindingiz: do'stingiz emas,
siz do'stingizni pochtasini xatlarga to'ldirib tashlaysiz. Javob
yuqoridagidek, faqat har gal har xil shaklda yoziladi xolos. Shunda siz
aldanganingizni sezasiz, to'g'rirog'i tan olasiz. Ular maslahat
berganidek oldinga intilishga pulingiz, orqaga esa yo'lingiz yo'q... Sizni
ular egallab bo'lishdi, psixologik hujumlari qurboniga aylandingiz.
Dunyoga "Aldandim" deb jar solsangiz "Battar bo'l" deb aks-sado keladi
go'yo. Axir hech kim sizning pulingizni yulqib olgani yo'q, o'z
qo'lingiz, o'z roziligingiz bilan topshirgansiz. Pul topishning
yo'llari qolmagan bo'lsa, shu yerda to'xtaysiz, manzilga yetib keldik.
Oxirigacha borgan taqdiringizda ham, ular xuddi sizga o'xshab pulni
silliqqina "Western Union"dan jo'natishmaydi, xatlaridan birida chek
berishadi. Orzularingiz ushalganidan sarmast holda bankka borasiz,
lekin bank tomonidan u amalda emasligi, yana yetmaganidek shaxsiy bank
hisobingiz bo'm-bo'sh ekanligi haqida ma'lumot olasiz. Indallosini
aytadigan bo'lsak, lotoreya deb tanishtirilayotgan millonlar aslida
yo'q! Xohlang ishning yarmigacha boring, xohlang ohirigacha, pulni
olomaysiz. Mavjud bo'lmagan pulni qayerdan olasiz?! * * * "G'oliblik"
"tabrik"lari asosan Afrika va Buyuk Britaniya mamlakatlaridan keladi.
Afrikaning Nigeriya va Burkina Faso shaharlari ayniqsa mashhur. 2003
yil ma'lumotlariga ko'ra, 300 ming "professional" firibgarlar 5
milliard e-mail bilan ishlagan. Yangi ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki,
bir yil ichida har 44 ta internet foydalanuvchidan 1 tasi firibgarlik
qurboni bo'lib, pulini yo'qotadi. Bir yillik yo'qotilgan (firibgarlar
uchun topilgan) pullar hajmi 100 yevrodan 7000 yevrogacha miqdorni
tashkil etadi. Ular har bitta yozgan xatidan bo'lmaganda 1000 dollar
ko'zlaydi, bunga erishish uchun ishonchga kirish, psixologik tahdid
yo'llaridan foydalanadi. Ular qalbaki tashkilot, bank va boshqa
muassasalar nomidan ish ko'radi, sizga hamkor bo'lib ko'rinayotgan
odamlar hech qanday bank xodimi emas, turgan-bitgani firibgarlar xolos.
Sizni ishontirish uchun soxta muhr va sertifikatlar tayyorlashgan,
aslida ular biror tayinli joyda ishlamaydi, "daromad"i shu
yuboriladigan pullardan, sizga nomi ko'rsatiladigan davlat
ishxonalaridan emas, oddiygina internet kafelaridan yozishadi. Insonlar
ishonchiga kirish, o'zini yaqin do'stdek ko'rsatish uchun telefonda ham
suhbatlashadilar, sizga telefon raqamlarini beradilar. Ular tez-tez
o'zgartirib turiluvchi sim kartalardir. 2008 yilda bir qiz
vafot etgan buvasidan pul meros qolganligi to'g'risida e-mail xabar
oladi. Buvasi va u bilan yashaydigan oila bilan anchadan beri aloqada
bo'lmagani uchun ishonadi va yolg'on merosga ega bo'lish uchun 400 ming
dollar pulini yo'qotadi. 23 yoshli talaba qizning taqdiri
bundanda ayanchli. U ham lotoreyada g'olib bo'lganiga ishonadi va yarim
million funt sterlinga ega bo'lish uchun ming funt sterling jo'natadi.
Lekin u na va'da qilingan pulni, na o'zi jo'natgan pulni oladi,
aldanganini bilgach, o'zini osib o'ldiradi. Taajjublanarli,
ammo haqiqat. Insonlar shu oddiy narsa deb qurbon bo'ladilar, moddiy va
ma'naviy jazo olishdan tashqari har narsadan aziz hayotlaridan ham
ajraladilar. Biz firibgar deb atayotganimiz ko'p joylarda "qotil"
sifatida ham yuritiladi. Ha, ular odamlarni pulini shilib, hamyonini
bo'shatishgach, qarzga botirishgach, hamma ish bitganini aytishadi va
pulni osonlik bilan olish uchun uchrashuvga taklif qilishadi. Pul
olaman deb ketgan odam "bir to'da bezorilar"ga duch keladi, jarohat
oladi, qiynab o'ldiriladi. Ishonmasligingiz mumkin, lekin buni o'sha
birgina javob, ular bilan ish yuritishga roziligingiz haqida, goh
e'tiborsiz, goh millioner bo'lish umidida yozilgan xat boshlab beradi.
Agar oz miqdorda pul jo'natib, qolganini topolmasangiz, o'sha
ozmi-ko'pmi pulingizdan ayrilgan bo'lsangiz, bilingki, siz bu borada
eng yaxshi qurbonlikka uchradingiz. Vaqtida umidingizni uzdingiz,
yo'lning oxirigacha bormadingiz, bu eng yaxshi yakun, balki. Ammo pul
talab qilganlaridan so'ng uzilgan umid yanada foydaliroq, kelgan spamni
o'chirib tashlash eng foydalisidir. Firibgarlar insonlarga
nafaqat moddiy, balki tiklab bo'lmas ma'naviy zarar ham yetkazadi.
Birinchi o'rinda, insonlarga bo'lgan ishonchni yo'qotib qo'yadi, hamma
narsadan shubhalanadigan va biznes ishlarida pessimistga aylanadi.
Ikkinchidan, aldanish alami harob qiladi. Afsus chekadi, o'zini o'zi
ayblaydi. O'z joniga qasd qilishning birinchi sababi shu. Uchinchidan,
odamlar oldida uyatga qoladi. Chunki u bu borada oilasiga, do'stlariga
aytgan bo'lishi, ularning maslahatlariga amal qilmagan bo'lishi mumkin.
Yaqinda 10 barobar qilib qaytarish va'dasida qarz olganlar boshi berk
ko'chaga kirib qoladi. Bu o'z joniga qasd qilishning ikkinchi sababi.
Bundan tashqari, millionlarni qo'laga kiritish ishtiyoqida yonayotgan
insonning fikru hayoli shu bo'lib qoladi, o'z puli va olgan qarzlari
yetmagach, pul topishning qing'iq yo'llari, o'g'rilikni ham ishga sola
boshlaydi. Internet firibgarlari rivojlangan mamlakatlarda
dolzarb muammo darajasiga chiqib qolgan. Shu sabab u yerlarda mazkur
holat bo'yicha politsiyachilar kurashi, tergov va sud ishlari olib
boriladi. Bir necha marotaba qo'lga tushganiga qaramay bu qora biznes
hamon rivojlnamoqda. Firibgarlarning asosiy qismi Afrika mamlakatlari
va Buyuk Britaniyadan turib ish qilgani bilan, internet - chegarasiz
keng dunyo. Ular turli mamlakatlardagi internet foydalanuvchilarini
aldash bilan bandlar. O'zbekistondagi e-mail egalari ham bundan
mustasno emas. Yuqorida aytilganidek, firibgarlarning asosiy
bahonasi bank mijozi va oila a'zolari halokatda vafot etib, uning
pullarini hech kim talab qilmagani bo'lsa, undan tashqari, xalqaro
lotoreyada e-mail manzilingiz g'olib bo'lgani, donorlik yordami uchun
xayriya puli yeg'ilayotgani haqida yoki kambag'al, o'qishga pul
to'lolmayotgan talaba rolini o'ynab yozishadi. E'tibor bersangiz,
qurbonlar haqida so'z yuritib, "insonlar" deb ketdik. Men "sodda
insonlar ishonchiga kiradi, ularni laqqillatadi", demoqchi edim, olgan
ma'lumotlarim esa qurbonlar orasida iqtisodchi (!), yozuvchi va
jurnalistlar, mansab egalari ham borligini ko'rsatadi. Agar siz bunday
xolga duch kelmagan bo'lsangiz, pochtangizga hech ham bunday xatlar
kelmagan bo'lsa, ishonmasligingiz yoki pulidan ayrilgan insonlarni
ayblashingiz mumkin. To'g'ri, ular aybdor, lekin jarayon siz ikki
betlik maqolani o'qib, tasavvur qilganingiz kabi kechmagan. Biz
hammamiz ojiz bandalarmiz. Oldinda nima bo'lishini, ishimiz yaxshilik
yo yomonlikka yuz burishini bilmaymiz. Shayton hiylasiga dosh
berolmaydigan paytlarimiz ko'p. Shu kabi "tajribali" firibgarlar
tuzog'iga ham bilib-bilmay tushib qolamiz. Shunga qaramay, aql kuch
ekanligini unutmang, o'ylab ko'ring. Xo'p, siz lotoreyada yutibsiz,
nega uni olish uchun pul to'lashingiz kerak? Xo'p, to'lashingiz kerak
ekan, nega talab qilingan pulni rasman, bank hisobingiz orqali, huddi
ularga o'xshab chek berib emas, "Western Union"dan jo'natasiz? Internet
orqali ta'lim beradigan masofaviy o'qishlarga ham pul to'lanadi, ammo
unda natijaga erisholmagan o'quvchining puli to'lig'icha qaytarib
beriladi. Nega oddiygina lotoreya o'yinida bunday emas? Nega
millionlardan voz kechganingizdan so'ng o'z pulingiz qaytarilmadi?
Himoya yo'li - bilim. Bular haqida bilish va boshqalarni ogoh etish.
Qo'ying, o'sha bor deb da'vo qilayotgan millionlari o'zlariga buyursin,
siz o'sha minglaringiz, halol bo'lgan tiyinlaringizni-da firibgarlar
tuzog'idan asrang. Inglizlarda maqol bor - "A penny saved is a penny
earned". "Saqlangan pul topilgan puldir" yoki "Pul topguncha pul
yo'qotma". * * * Elektron pochtangizni
tekshirasiz. Sizga xat kelibdi. Yo'q, spam ekan. O'chirishga
chog'lanasizu, beixtiyor o'sha spamga qo'yilgan sarlavhalar
e'tiboringizni tortadi. Ingliz tilida "Tabriklayman, siz yutdingiz!",
"Pul yutug'ingizni oling!", "Mana sizga millionlar!", "Siz lotoreya
g'olibisiz!", "Bu juda muhim!" so'zlari katta harflar bilan yozilgan.
Bu xatlarni shunchaki o'chirib yuboring, ochib o'qishga ketadigan
vaqtingizni ham arzitmang. Ishonmang. Qaytaraman, ishonmang! Durdona Alimova Wikipedia va fraudwatchers.com ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
|